Ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchining o‘quvchiga nisbatan qilgan xatti-harakatlari tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
O‘qituvchining o‘quvchiga qilgan xatti harakatlari
Albatta, bu holatda o‘qituvchini oqlab bo‘lmaydi, bu bola huquqlariga zid holat, qadriyatlarimizga begona xatti-harakat. Bolaning huquqlari tegishli tashkilotlar tomonidan himoya qilinmoqda, o‘qituvchiga nisbatan zarur choralar ko‘rilmoqda.
Lekin bir nafar o‘qituvchining vaziyatdagi ruhiy holati sabab qilgan harakatlari misolida 100 mingdan ortiq pedagoglarimizga, millat tarbiyachilarimizga baho berish ham noto‘g‘ri.
Ayniqsa, vaziyatni murakkablashtirish, holatdan milliy nizolarni uyg‘otishga urunayotganlar bizga yana bir bor davrning g‘oyaviy tahlikalarga to‘laligini eslatmoqda.
Zero, avvalo, mustaqil, huquqiy-demokratik, dunyoviy davlatmiz. Yoshi, millati, dini, kasbidan va boshqa holatidan qat’iy nazar qonun hammani himoya qiladi, huquqlarni buzganni jazolaydi.
Mamlakatda katta-katta masalalar ham xalq bilan birlashib, fikrlashib hal qilib kelinmoqda. Mazkur vaziyat ham o‘z ishimiz, o‘z uyimizda bo‘layotgan holat. Unga boshqalarning bosh suqishi, ichki ishlarimizni hal qilishga urunishiga aslo hojat ham yo‘q.
Bizning 130 dan ortiq turli millat va elatlar bilan har doim, hozirgidek inoq, tinch, birlashib bir O‘zbekiston bo‘lib harakat qilish, maqsadlarga yetishda bu kabi “fikr beruvchi”, “yo‘l ko‘rsatuvchi”larga aslo ehtiyojimiz yo‘q.
Shu o‘rinda ziyolilarimizni doimo birlashib, o‘z fikr, qarashlari bilan jamiyatni to‘g‘ri yo‘lga boshlashlarini so‘rab qolardim.
@otabek_khasanov