Keyingi paytlarda turli mish-mishlardan “ulamasoch” yasab, quroq qilib, sahifalarga “tikib” , so‘ngra mahsulotini kiprik qoqmay o‘zimniki deb ommaga taqdim etayotgan matbuot nashrlarining soni ortib bormoqda. Bunday nashrlar umumtarkibda ayricha ataladi: sariq matbuot.
Afsuski, matbuot sotish shoxobchalarida ularga rastaning oldi berib qo‘yilgach, bozori chaqqon bu turdagi gazetalar tafakkurimizga tobora singib boryapti. Go‘yo matbuot deganda ana shular tushunilib qolmoqda. Bir qarashda, buning hech bir ziyoni yo‘qday. Axir gazeta o‘qigan odam bilan o‘qimaganning farqi bor-ku. Qolaversa, gazeta mutolaa qilib turish salohiyatni o‘stiradi, dunyoqarashni kengaytiradi, fikrni shakllantiradi. Shunday emasmi? Demak, gazetalarda ko‘tarilayotgan mavzular o‘quvchi ongiga joylashib, uning fikr-mulohazasiga ta’sir etadi.
Ana shunday xaridorgir nashrlardan birining reklamasi diqqatimni tortdi. Gazeta uzoqdan uchib kelib, teleekran peshonasida birdan varaqlana boshladi. Kadr ortidan “Falonchi xonim uchinchi bor turmushga chiqdi”, “Shopmo‘ylov va Tannozxonlar (ismlar o‘zgartirildi) nega ajrashishmoqchi?”, “Qiyomat yaqinmi?”, “Qabrdan qaytgan ayol” va boshqa maqolalar obdon reklama qilindi. Reklama ta’sirida o‘sha gazetani sotib oldim. Unda mashhur ayol xonandalarimizdan birining navbatdagi turmushi va nikoh kechasida bu safar qanday libosda chiqqani haqida “atroflicha” yozishibdi. Kelin libosining fasoni, unga qadalgan qimmatbaho toshlar, qomat bo‘ylab yopishib turgan mato va shunga o‘xshash izohlar rosa serob. Jurnalist tomonidan ora-sira “kuladi”, “kulib qo‘yadi”, “o‘ylanib” singari remarkalar mushtariyni gazetaning keyingi sahifasini ochishga da’vat etadi.
Navbatdagi sahifa oldingisidan o‘tsa-o‘tadiki, aslo kam emas. Butun boshli ikki sahifaning teng yarmi “photoshop” imkoniyatini namoyon etuvchi suratlar bilan band. Qolgan qismida el ardog‘idagi taniqli bir oilaning hayoti yoritilgan. Sarlavhadan ma’lum bo‘lishicha, ularning munosabati ajrashishgacha yetib kelgan. Materialni qayta-qayta o‘qidim. Kimning kim bilan ajrashmoqchi ekanini fahmlayolmay qolganimdan biror aniqlik toparman, degan o‘y bilan “jurnalist” tomonidan berilgan savollarga sinchiklab razm soldim. Suhbat orasida “Siz haqingizda turmush o‘rtog‘i bilan ajrashmoqchi degan mish-mish yuribdi” qabilida savol qistirib o‘tilgan. Javobi ham shunga yarasha: “Bu mish-mish, xolos. Biz baxtli hayot kechirmoqdamiz…”
Maqola muallifi mushtariylarga go‘yo taskin ulashgan bo‘lib, suhbatdoshiga yana yuzlanadi: “Umr yo‘ldoshingiz bilan janjallashganmisiz?” Savolga bamaylixotir javob beriladi: “Ba’zan tortishib turamiz…”
Shubhalana boshladim: reklama qilingan gazeta bu emasdi chog‘i, boshqa sonini sotib oldim, shekilli? Gazetani o‘qib ko‘rmagan, bor-yo‘g‘i televizion tashviqotning o‘ziga tayanganlar “…falon qo‘shiqchining oilasi buzilibdi” degan to‘xtamga kelishi hech gap emas.
Birgina savoldan sarlavha hosil qilib, mavzuni bu taxlit ovozayi jahon qilish to‘g‘rimikan? Nashrning tez fursatda sotilishi va bundan ko‘zlanadigan moddiy manfaatdorlik hisobga olinsa, bu ehtimol, maqsadga muvofiqdir. Ammo suhbat tamoman boshqa mavzuda ekan-ku?!
Matbuot olamiga bozor qonuniyatlari suqilib kirayotgan bir paytda ijod va tijorat bellashuvi keskinlashayotganini ko‘rib-kuzatib turibmiz. Hatto “sariq matbuot”ni xush ko‘rmaydigan Fransiyada chop etilayotgan eng nufuzli gazeta – “Figaro” raqobatda mag‘lub bo‘lmaslik uchun o‘zining asrlar davomida shakllangan qiyofasini o‘zgartirdi. Mazkur jarayon Parijning ko‘hna gazetasini-da o‘zgarishga majbur qilgan ekan, “tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda ko‘r” deganlaridek, bundoqroq nashrlarning ahvolini tasavvur qilavering.
Matbuot nashrlarining aksariyati raqobat maydonida o‘z o‘rnini saqlab qolish, mushtariylar ko‘ngliga yo‘l topish maqsadida ming bir yo‘lni o‘ylab topishmoqda. Ta’kidlash lozim, ular ichida “zarqog‘ozga o‘ralgan” sarlavhalar o‘sha gazeta tahririyatga ijobiy natija berayotgandir. Oddiy xabar yoki yangilik ham o‘quvchi e’tiborini tortadigan sarlavha ostida chop etilsa, uning qiymati oshadi. Lekin bu gazetxonni “laqillatish”ga asos bo‘lmasligi kerak. Jimjimador nom ostida tuturuqsiz materiallarni e’lon qilish o‘quvchining vaqtini o‘g‘irlashdan bo‘lak narsa emas. Eng yomoni, ongu shuurini ham.
Shvetsiyaning jahonga mashhur “Metro” gazetasi prezidenti Pelle Tomberg o‘z kompaniyasining strategiyasini “fast-food”larga o‘xshatganida sira adashmagandi. Chunki “sariq matbuot”dagi axboriy “fast-food” tig‘iz paytda ko‘chada iste’mol qilinadigan yeguliklardan ham tezroq yoyiladi. Demak, odamlarga qandaydir ma’lumotlarni yetkazishda bosma nashrlarning ahamiyati ancha yuqori. Ular o‘quvchilarni aniq, ishonchli va tezkor ravishda yangilikdan xabardor qiladi. Masalaga shu jihatdan yondashilsa, ommaviy axborot vositalarining har bir turida, ayniqsa, matbuot nashrlarida materialning ma’lum konsepsiya ustiga qurilishini oldindan chamalab qo‘yish maqsadga muvofiqdir. Sarlavha tanlash mahoratini shakllantirish, uni mavzu doirasidan kelib chiqib qo‘llash, sarlavhani xuddi tarvuz tanlagandek “chertib-chertib” ko‘rishda gap ko‘p. Ammo yuqoridagi singari holatlarga egizak sanalgan “qozondagi oshmidi yo moshmidi” qabilidagi sarlavhalardan biroz istihola qilinsa, nur ustiga nur bo‘lardi.
Deyarli barchamiz gazeta o‘qiymiz. Aytaylik, yuqoridagi tartibda ish ko‘rayotgan matbuot nashri 30 ming nusxada chop etiladi. Demak, gazeta o‘rta hisobda shuncha o‘quvchisiga ega. Tabiiyki, har bitta gazetxon “Falonchi xonim uchinchi bor turmushga chiqdi!”, “Shopmo‘ylov va Tannozxonlar nega ajrashishmoqchi?” singari xabarlarga jillaqursa bir marta ko‘z qirini tashlaydi. Ularni tafakkuriga sig‘dirishga urinadi. Biroq “do‘pposlangan MISH”, “ajrashganMISH”, “ketib qolganMISH” formulasidagi materiallar miyamizda zig‘ircha bilim hosil qilsa, qaniydi.
Afsuski, mazkur alfozda faoliyat yuritayotgan nashrlar yagona emas. Ular o‘nlab, yuzlab… Muammo shundaki, mamlakatimizda ommaviy axborot vositalariga keng imkoniyatlar yaratib berilayotgan ayni paytda sariq matbuot nashrlari hayotimizda ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy mazmun kasb etuvchi gazetalardan ilgariroq borib o‘quvchining ongini to‘ldirib qo‘ymoqda. Bu holga esa panja orasidan qarab bo‘lmaydi.
Mukarram OTAMURODOVA 1993-yilda Buxoro viloyatining Romitan tumanida tavallud topgan. Hozirda Buxoro Davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi.