MAHALLALAR TINCHLIGI - YURT FAROVONLIGIDIR
Bugungi kunda mahallada aholining ehtiyojmand qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, millatlararo totuvlik, hamjihatlikni ta’minlash, fuqarolarda Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish kabi sifatlarni birlashtiradigan maskan sifatida shakllandi. Jamiyatimizning hozirgi taraqqiyot bosqichida aholini g‘oyaviy tahdidlardan himoya qilish, turli oqimlarga mansub guruhlarga qarshi kurash borasida, mahallalarda ogohlikni yo‘lga qo‘yish, bir so‘z bilan aytganda, tinchlik va barqarorlik uchun kurashmoq hayot taqozosidir. Bugun mahalla ham Vatan ichra kichik Vatan ekani inkor etib bo‘lmas haqiqatdir. Ana shu Vatanning tinchligi, osoyishtaligini saqlash, unda yashovchi oilalar o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlash, imon-e’tiqodli avlodni tarbiyalash ishiga munosib hissa qo‘shish har bir ezgu niyatli insonning muqaddas burchi bo‘lmog‘i lozim. Jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk va har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalashda oilaning rolini oshirish masalasi diqqat-e’tiborda.
