Kunlardan bir kun G‘afur G‘ulomning uyiga bir yigit “shoirlikni o‘rgatib qo‘ying” deya she’rlarini ko‘tarib keladi. Ungacha shoirning uyida ishqiy she’rlar bilan to‘ldirilgan qalin bir daftar topilgan edi, G‘afur G‘ulom yigitning xatidan o‘sha daftarning egasi ekanini payqab qoladi. Havaskor juda ham tortinchoq shekilli, tortinib-qimtinib, xuddi igna ustida o‘tirganday bezovtalanadi.
G‘afur aka yigitning she’rlarini varaqlay turib nasihat qiladi:
– She’r ekan deb hamma narsani yozaverish kerak emas. She’rning ham o‘ziga yarasha odobi bo‘ladi. Keyin, birovni yaxshi ko‘rgan odam shoir bo‘lib qolavermaydi. Eshigimizning tagidan katta ariq oqadi. Chiqib yaxshilab yuvinib ol. She’ringni ham yuvib tashla. Musaffo bo‘lasan. Ancha havringdan tushasan.
Sh.O