Tuman markazidagi 5-son Bolalar musiqa va san’at maktabida O’zbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi tomonidan 2020-2021 yil sardorlari munosiblar ichidan saralanib olindi. Saylovda umumiy o’rta ta’lim maktablaridan sardorlik uchun o’z nomzodlarini qo’ygan o’quvchilar qatnashdilar. Har bir ishtirokchi sardorlikka qanday munosib bo’lishi haqida o’z loyihalarini taqdim etishdi.
Sardorlik maqomi yoshlarga katta ishonch va mas’uliyat yuklaydi. Sardor - tengdoshlarini o’zining ezgu g’oyalari, loyihalari ortidan ergashtirib, ularni ijtimoiy faollikka chorlay olishi lozim. O’quvchilarni hayot yo’lida adashishdan qaytarib, unga to’g’ri yo’l ko’rsata olsa, har jabhada hozirjavob va tashabbuskorlikka ega bo’lsagina u chinakam sardor bo’la oladi.
Tadbirda Yoshlar agentligi tuman bo’limi xodimlari, yoshlar etakchilari hamda sardorlikka nomzodlar ishtirok etishdi. Saylov natijalariga ko’ra “Kamalak” va “Ittifoq” yo’nalishlarida 14 nafar sardorlar saylandi.
Saylangan har bir sardor o’zining yangicha g’oyada amalga oshiradigan loyihalarini bayon etib borishdi.
- Sardorlarni saylash jarayonida ulardagi iqtidor va etakchilik qobiliyatiga alohida urg’u berish kerak. Shijoat va tashabbuskorlik yoshlar bilan ishlashda eng asosiy omil bo’ladi. Sinf va maktab sardorlarining faolligi hududiy kengashlarning sardorlar tashabbuslarini qo’llab-quvvatlashi orqali tizimda samaradorlikka erishiladi,-deydi O’zbekiston Yoshlar Ittifoqi tuman kengashi mutahassisi A.Jalolov.
O’ylaymizki, saylangan sardorlar vazifalarini sidqidildan ado etib, mamlakat ravnaqiga o’zlarining munosib hissalarini qo’shadilar. Eng muhimi, yoshlar bilan yangicha yondashuvlar asosida ishlab, har bir yosh yigit-qizning ko’ngliga yo’l topishga harakat qiladi.
Saylov jarayonlari karantin qoidalariga amal qilingan holda ochiqlik va shaffoflik asosida o’tkazildi. Tadbir yakunida saylangan sardorlarga sertifikatlar topshirildi.
Islom BOBOQULOV.