Oktabr oyi - ona tili va adabiyot fan oyligi doirasida tuman xalq ta'limi bo'limi qoshidagi "Dilmunchoq" yosh qalamkashlar ijodiy klubi tashkil etilganligining ikki yilligi munosabati bilan Qo'rg'on dostonchilik maktabi asoschisi Ergash Jumanbulbul o'g'li yodgorligi muzeyida "Baxshilarga beshik - Qo'rg'on" mavzusida ijodiy uchrashuv o'tkazildi.
Tadbirda tuman XTB metodisti S.Axmedov, muzey xodimlari, ona tili va adabiyot fani o'qituvchilari, ota-onalar hamda maktablarning ijodkor o'quvchilari, ijodiy klubning faol a'zolari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida Ergash Jumanbulbul o'g'li yodgorligi muzeyi majmuasidagi maqbara oldida baxshining xotirasiga duo o'qildi. Baxshining muhtasham haykali oldida muzey direktori B.Shukurov Ergash Jumanbulbul o'g'li yodgorligi muzeyi tashkil etilishi tarixi va faoliyati haqida ma'lumot berib, Qo'rg'on dostonchilik maktabi tarixida Ergash Jumanbulbul o'g'li ijodining alohida o'rni xususida to’xtaldi.
Muzey zallari bo'ylab sayohat baxshi yashagan davrga tegishli eksponatlar bilan tanishishdan boshlandi. Baxshi chertgan do'mbira, xalq tarixidan so'zlaguvchi turli eksponatlar: kulolchilik, temirchilik, kashtachilik, xalq amaliy san'ati namunalari hamda tarixiy liboslar, uy ro'zg'or buyumlari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot uyg'otdi. O'quvchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga muzey xodimlaridan batafsil javob olishdi va yaqin o'tmishimiz, xalqimizning turmush tarzi to'g'risida yetarlicha bilimlarga ega bo'lishdi.
Tadbirning mushoira qismi muzey yodgorligi majmuasidagi sakkiz burchakli ayvonda davom ettirildi. Qo'rg'on qishlog'ida baxshi bobolari dombirasini qo'ldan qo'ymay ijod qilayotgan Tog'aymurod baxshi o'z shogirdlari, 6-maktabning ijodkor o'quvchilari bilan dombira sozini sozlab, xalq termalaridan kuylab, yig'ilganlar qalbini maftun etdi. Ijodiy klub a'zolari o'zlarining "Vatan", "O'zbekiston", "Ona tili", "Tinchlik" mavzularida she'rlarini o'qib berishdi.
Shuningdek, ijodiy uchrashuvda "Baxshilarga beshik - Qo'rg'on" mavzusida adabiy-ijodiy tanlov tashkil etilib, shu mavzudagi yangi ijod namunalari tinglandi. Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlar 36, 1, 42-maktabning ona tili va adabiyot fani o'qituvchilari M.Torayev, K.Ermatova, U.Osarov, ijodiy klub badiiy rahbari M.Musaqulovlar tomonidan baholanib, tanlov g'oliblari aniqlandi.
Tadbir so'ngida joriy yilning may oyida ijodiy klubning telegramm kanalida "Ulug' xalq qudrati jo'sh urgan zamon!" shiori ostida o'tkazilgan audioshe'rlar tanlovi g'oliblari, "Baxshilarga beshik - Qo'rg'on" mavzusidagi adabiy-ijodiy tanlov g'oliblari hamda ijodiy klubning faol a'zolariga tuman xalq ta’limi bo’limining faxriy yorlig'i va esdalik sovg'alari topshirildi.
Mirzohid MUSAQULOV,
tuman XTB qoshidagi "Dilmunchoq" yosh qalamkashlar ijodiy klubi badiiy rahbari.